Nega bu muhim
Sanoat korxonalarini Toshkentdan poytaxt tashqarisiga ko‘chirish bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik vazifalarni hal qilish imkonini beradi: megapolisga yukni kamaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash, transport va muhandislik infratuzilmasini yengillashtirish, shuningdek, hududlarning iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirish. Bu Sirdaryo uchun yangi investitsiyalar, ish o‘rinlari va zamonaviy ishlab chiqarishlar kirib kelishini, biznes uchun esa xarajatlarni kamaytirish va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishni anglatadi.
Nima bo‘ldi
- Toshkent shahrida bir qator sanoat korxonalari bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chiriladi.
- Ishlab chiqarishni Sirdaryo viloyatiga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
- Tadbirkorlar yangi maydonni tanlashda mehnat resurslarining arzonligi, infratuzilmaning rivojlanganligi, yer va mol-mulk soliqlari stavkalarining pastligiga e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi.
Raqamlar va faktlar
- Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida poytaxtdagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini bo‘sh yer maydonlariga joylashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
- Shu munosabat bilan, Toshkent shahridan Sirdaryoga o‘z korxonasini ko‘chirgan tadbirkorlarga: sanoat zonasidan yer uchastkalarini soddalashtirilgan tartibda va chegirma bilan ajratish, 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit, temir yo‘l orqali xomashyo tashish tariflarini pasaytirish imkoniyati beriladi.
Mohiyat
- Toshkent mamlakatning eng yirik sanoat va ishbilarmonlik markazi sifatida transport tarmog‘i, energiya ta’minoti, ekologiya va yer bozoriga katta yuklama tushmoqda.
- Poytaxt uchun bu sanoat yukining pasayishiga, ekologik vaziyatning yaxshilanishiga, hududlarning turar-joy va ijtimoiy qurilish uchun bo‘shashiga olib keladi.
- Tadbirkorlar uchun ko‘chirish arzonroq yerga ega bo‘lish, imtiyozli moliyalashtirish va logistika xarajatlarini kamaytirishni anglatadi, bu esa kelajakda ularning mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshiradi.