Nega bu muhim
Tadbirkorni gapirgani uchun jazolashga urinish islohotlarga va hokimiyatning ochiqligiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi. Bu jamoatchilik tanqididan qo‘rquvni kuchaytirishi va biznes muhitida shaffoflikni pasaytirishi mumkin.
Nima bo‘ldi
- 29-avgust kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Usmonjon Abdusamatov Toshkentda obyektlarni qurishda 200 ming dollargacha pora to‘lashga to‘g‘ri kelishini aytdi.
- Qurilish vazirligi tadbirkorni “noto‘g‘ri fikrlar” uchun jazolashni so‘rab IIVga ariza yubordi.
- Biznes-ombudsman buni tanqid uchun ta’qib deb atadi va vaziyatni nazoratga oldi.
- U biznes tanqididan bosim uchun emas, balki jarayonlarni yaxshilash uchun foydalanish kerakligini eslatdi.
- Abdusamatov bir necha bor ruxsatnoma berishdan bosh tortilgani va kadastr organlari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi.
- Qurilish vazirligining ta’kidlashicha, barcha xizmatlar YIDXP va davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi, jarayonlar esa “Shaffof qurilish” tizimi tomonidan nazorat qilinadi.
- Kadastr agentligi ruxsatnoma berishda ishtirok etmasligini, faqat qurilgandan keyin huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishini ma’lum qildi.
Mohiyat
Rasmiylar qurilish jarayonlarini raqamlashtirishni e’lon qilmoqda, ammo biznes norasmiy amaliyotlarga duch kelishda davom etmoqda. Avvalroq prezident arxitektura va qurilish sohasidagi tartib-taomillarning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Biznes-ombudsman instituti tadbirkorlarni bosim va ma’muriy to‘siqlardan himoya qilish uchun tashkil etilgan.