Nega bu muhim
O‘zbekiston hukumatining maqsadlari: 2025-yil oxirigacha qashshoqlik darajasini 6 foizga tushirish, istiqbolda esa mutlaq qashshoqlikka barham berish. Bu muhim va ulkan vazifadir. OTB kabi yirik xalqaro institutlarning qo‘llab-quvvatlashi ijtimoiy rivojlanish, infratuzilma va aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dastur va loyihalarga ishonchni oshiradi.
Nima bo‘ldi
- “Kambag‘allikdan farovonlik sari” forumida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Inmin Yan O‘zbekistonning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun namuna bo‘la olishini aytdi.
- Inmin Yanning so‘zlariga ko‘ra, sezilarli natijalarga erishishda xususiy sektor ishtiroki va biznesni rivojlantirishda uch bosqichli yondashuvni qo‘llash asosiy rol o‘ynaydi.
Mohiyat
O‘zbekiston ijtimoiy dasturlarni amalga oshirmoqda, jumladan, ehtiyojmand aholining ijtimoiy reyestrini yaratish, mahallalarni rivojlantirish, infratuzilma barpo etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga sarmoya kiritmoqda. OTB yaqinda O‘zbekiston bilan 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik strategiyasini tasdiqladi, uning doirasida inklyuziv va «yashil» taraqqiyot, inson kapitalini rivojlantirish, xususiy sektor ishtiroki ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.