Nega bu muhim
Oltinni sotib olish zaxiralarni valyuta xatarlaridan himoya qilishning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston jahon bozorlaridagi tebranishlar fonida moliyaviy barqarorlikni mustahkamlab, oltin zaxiralarini izchil oshirib bormoqda.
Nima bo‘ldi
- Avgust oyida jahon markaziy banklari 15 tonnaga yaqin oltin sotib oldi.
- Xaridlar hajmi bo‘yicha Qozog‘iston yetakchi bo‘ldi — 8 tonna.
- O‘zbekiston, Bolgariya, Xitoy va Turkiya 2 tonnadan xarid qilgan.
- Sotuvchilar Rossiya Markaziy banki (3 tonna) va Indoneziya banki (2 tonna) bo‘ldi.
- WGC ta’kidlashicha, jahon bozorida oltin narxining oshishi xaridlar hajmini cheklamoqda, biroq markaziy banklarning qimmatbaho metallga bo‘lgan qiziqishi yuqoriligicha qolmoqda.
Nima deyildi
So‘nggi paytlarda xaridlar sekinlashgani oltinga bo‘lgan qiziqish yo‘qolganini anglatmaydi. Markaziy banklar unga strategik aktiv sifatida qarashda davom etmoqda, — deydi WGC tahlilchilari.
Mohiyat
Iyun oyida O‘zbekiston Markaziy banki 11,1 tonna oltin sotib oldi, bu so‘nggi yillardagi eng yirik xarid bo‘ldi. Ichki bozorda aholiga oltin sotish ham rekord darajaga yetdi: 2025-yilning 9 oyida 380 kg quyma va tangalar sotildi.
Markaziy bank oltindan zaxiralarni diversifikatsiya qilish va valyuta bozorini barqarorlashtirish vositasi sifatida foydalanadi.