Nima uchun bu muhim:
Qo‘llab-quvvatlash fermerlarga qish mavsumida xarajatlarni kamaytirish, eksport hajmini saqlab qolish va gaz taqchilligi tufayli ishlab chiqarishni to‘xtatish xavfini kamaytirishga yordam beradi.
Nima bo’ldi:
- Oktyabrdan martgacha issiqxonalar 1-oktyabrgacha shartnoma tuzsa, gaz narxining faqat yarmini oldindan to‘lashi mumkin bo‘ladi.
- Eksport shartnomasi bo‘lgan issiqxonalarga gaz yetkazib berish hajmi kafolatlanadi.
- Ko‘mir yoki boshqa yoqilg‘iga o‘tgan xo‘jaliklar imtiyozli shartlarda gazga qaytishi mumkin bo‘ladi.
- Issiqxonalarni muqobil yoqilg‘iga o‘tkazish uchun berilgan kreditlarni qaytarish muddati uzaytirilmoqda.
- Issiqlik nasosi o‘rnatilgan issiqxonalar investorlariga xarajatlarning 20 foizigacha qoplab beriladi yoki kreditning 4 foizigacha bo‘lgan qismi kompensatsiya qilinadi.
- 2028-yilgacha yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlari darajasigacha va ijtimoiy soliq 1 foizgacha kamaytirildi.
Nima deyishdi:
Prezident issiqxonachilarni qo‘llab-quvvatlash strategik vazifa ekanini ta’kidlab, qog‘ozda emas, amalda hal qilish muhimligini ta’kidladi.
Mohiyat:
- O‘zbekistonda 5100 gektardan ortiq issiqxona mavjud. Mahsulot hajmi 7 yil ichida deyarli 5 barobarga oshib, 2024-yilda 546 ming tonnaga yetdi.
- Gaz va o‘g‘itlar qimmatlashgani sababli 600 gektar maydondagi issiqxonalar vaqtincha ishlamayapti, yana 128 gektar qarzdorlik tufayli banklar balansiga o‘tgan.