Nima bo‘ldi
O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash jamg‘armasi ish boshladi. Yangi tashkilot agrar sohadagi sug‘urta tizimining asosi bo‘lib, tabiiy va texnogen ofatlar, yong‘inlar, zararkunanda va kasalliklardan o‘simlik va hayvonlarga yetkazilgan zararni qoplaydi.
Nega bu muhim
- Yangi tizim fermerlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy xatarlarini kamaytirish imkonini beradi.
- Agrosug‘urta qamrovini oshirish qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sishini rag‘batlantiradi va sohaning salbiy hodisalarga chidamliligini oshiradi.
- Sug‘urta mukofotlarining 50 foizigacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi aksariyat fermerlar uchun sug‘urtadan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Raqamlar va faktlar
- 2030-yilga borib qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining 50 foizini agrosug‘urta bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
- Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish o‘sishini 20 foizga oshirish imkonini beradi.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi” axborot tizimini ishga tushiradi va uni boshqa davlat organlari platformalari bilan integratsiya qiladi.
- Yangi tizim orqali sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirish, sug‘urta mukofotlarini qoplash uchun subsidiyalar olish va tovon to‘lash uchun ariza topshirish mumkin bo‘ladi.
- Tizim ishga tushishi uchun belgilangan kapital 35 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Kadrlar tayyorlash
- 2026-yil 1-fevralga qadar har bir hududda kamida 5 nafar mustaqil ekspertni tayyorlash rejalashtirilgan.
- 2027-yil martigacha — sug‘urta hodisasi mavjudligi va zarar miqdorini aniqlaydigan yana 600 nafar ekspertni o‘qitish.
Mohiyat
- Hozirga qadar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sug‘urtalash cheklangan edi.
- Bu fermerlarni turli sabablarga ko‘ra hosilni yo‘qotish oldida zaif qilib qo‘ydi.
- Endi davlat imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va jarayonlarni raqamlashtirish orqali agrar sektorni qo‘llab-quvvatlashni tizimli ravishda kuchaytirmoqda.
- Jamg‘armaning tashkil etilishi va axborot tizimining boshqa platformalar bilan integratsiyalashuvi jarayonlarning shaffofligi va avtomatlashtirilishini ta’minlaydi.