Nega bu muhim
Paresishvili mintaqaviy moliya sektorida taniqli shaxs bo‘lib, Gruziya va O‘zbekistonda fond maydonchalarini boshqarish tajribasiga ega. Uning mamlakatdagi eng yirik xususiy banklardan birining kuzatuv kengashiga o‘tishi strategik ekspertiza va kapital bozori bilan muloqotni kuchaytirishi mumkin. Birja sobiq rahbarining yirik bankka tayinlanishi bank sektori va fond bozorini bosqichma-bosqich yaqinlashtirishning yana bir belgisidir.
Nima bo‘ldi
- 16-oktyabr kuni Kapitalbank aksiyadorlari Georgiy Paresishvilini 3 yil muddatga kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib sayladi.
- Tayinlov nomzod Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng kuchga kiradi.
- 2025-yil sentyabr oyida Paresishvili uch yillik shartnoma muddati tugagach, “Toshkent” Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi lavozimini tark etdi.
- Yanvar oyida u kapital bozorining to‘liq ishlashi uchun “jiddiy institutsional islohotlar” zarurligini e’lon qildi.
Mohiyat
Georgiy Paresishvili avval Gruziya fond birjasini boshqargan, 2022-yildan buyon “Toshkent” Respublika fond birjasini boshqarib kelayotgandi. Kapitalbank O‘zbekistondagi eng yirik xususiy banklar qatoriga kiradi, raqamli xizmatlar va korporativ mahsulotlarni faol rivojlantirmoqda. Kuzatuv kengashiga tayinlash korporativ boshqaruvni kuchaytirish va ommaviy kapital bozoriga kirish strategiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin.