Nega bu muhim
Kapital bozori iqtisodiyot va biznes uchun uzoq muddatli investitsiyalarning asosiy manbai sifatida qaraladi. Huquqiy kafolatlarni kuchaytirish va vositalarni kengaytirish investorlarning ishonchini va emitentlarning faolligini oshirishi mumkin. Rejalashtirilgan chora-tadbirlar hozircha kapitallashuvi YIMga nisbatan past bo‘lgan bozor salohiyatini ochishga qaratilgan.
Nima bo‘ldi
- O‘zbekiston prezidenti investitsiyalarni jalb qilish, moliyaviy vositalarni kengaytirish, tartibga solishni takomillashtirish va kapital bozorida maxsus huquqiy rejimni rivojlantirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.
- “Tartibga solish qumdoni“da Toshkent fond birjasining maxsus maydonchasida xorijiy kompaniyalarning qog‘ozlari bilan savdo qilishga, shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalari va banklari tomonidan xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
- Tartibga solishni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish, regulyator vakolatlarini kengaytirish va bozor professional ishtirokchilarining ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
- Muhokamalar doirasida mahalliy va xorijiy birjalarda qimmatli qog‘ozlarning ikki tomonlama listingiga ruxsat berish, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar (GDR), xorijiy qimmatli qog‘ozlar va birja investitsiya fondlarini ishga tushirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Raqamlar va faktlar
- 2030-yilga qadar fond bozoriga qo‘shimcha 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
- Kamida 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishini ta’minlash rejalashtirilgan.
- Kapital bozorida ochilgan va bartaraf etilgan huquqbuzarliklar ulushi 85 foizga yetkazilishi kerak.
- Bozor kapitallashuvi YIMning taxminan 20 foizi darajasida baholanadi.
- 2023-yil sentyabr oyida ishga tushirilgan “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi muddatsiz bo‘ladi.
Mohiyat
- Davlat fond bozorini institutsional va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda.
- Investorlarni himoya qilish, joylashtirish hajmini oshirish va yangi vositalarni joriy etishga e’tibor qaratilmoqda.
- “Tartibga solish qumdoni”ning kengayishi va unga rezidentlar va norezidentlarning kirishi asosiy qonunchilikni o‘zgartirmasdan yangi modellarni sinovdan o‘tkazish uchun sharoit yaratadi.