Nega bu muhim
Qarz yukining, ayniqsa, korporativ tarkibiy qismining keskin oshishi, ayniqsa, global tebranish va valyuta kursiga bosim fonida tashqi moliyaviy sektor barqarorligi uchun xatarlarni kuchaytiradi.
Nima bo‘ldi
- Olti oy ichida tashqi qarz 8,1 milliard dollarga oshib, 72,2 milliard dollarga yetdi.
- Shundan 36,8 mlrd dollari — davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari — korporativ qarz.
- Davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga, korporativ qarz 5,2 mlrd dollarga oshdi.
- Joriy hisob taqchilligi 156,3 million dollarni tashkil etdi, bu 2024-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan past.
- Eksportning o‘sishi (+29%), importning o‘rtacha o‘sishi (+10%) hisobiga savdo taqchilligi 20%ga qisqarib, $6,4 mlrdni tashkil etdi.
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 42 foizga o‘sib, 1,6 milliard dollarni, portfel investitsiyalar esa 3,1 milliard dollarni tashkil etdi.
- Xalqaro zaxiralar oshdi: birinchi yarim yillikda valyuta oqimi 913,1 million dollarni, oltin qiymatining o‘sishi esa qariyb 7,4 milliard dollarni tashkil etdi.
- Sof xalqaro investitsiya pozitsiyasi 23 foizga o‘sib, 16,9 milliard dollarni tashkil etdi.
Nima deyildi
Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat qarzining o‘sishini “mo‘tadil” deb atadi va qarz mablag‘lari infratuzilma loyihalari va budjet taqchilligini qoplashga yo‘naltirilayotganini ta’kidladi.
XVJ missiyasi IV moddani ko‘rib chiqish doirasida tashqi sektorning barqarorligini tan oladi, ammo davlat korxonalarining majburiyatlari va ehtimoliy “kontingent” majburiyatlari bilan bog‘liq zaifliklarga e’tibor qaratadi.
Shuningdek, XVJ hisobotida aytilishicha, makroiqtisodiy intizom va faol islohotlar siyosati saqlanib qolsa, O‘zbekiston tashqi shoklarni yengib o‘tadi.
Mohiyat
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 30-sentyabr holatiga “Gross External Debt Position” ochiq statistika sifatida e’lon qilinmoqda. Savdo balansi ma’lumotlari, investitsiya oqimlari va tashqi qarz dinamikasi “To‘lov balansi, Jahon investitsiya pozitsiyasi va tashqi qarz” tahliliy sharhida tizimli ravishda e’lon qilinadi.
Jahon banki va XVJning hisob-kitoblariga ko‘ra, ishonchli o‘sish sur’atlari va yetarli zaxiralarni hisobga olgan holda, O‘zbekistonga tashqi qarz bosimi xavfi hozircha yuqori emas. 2025-yil mart oyi oxirida tashqi qarz 64,1 milliard dollarga baholangan. 2025-yilning I choragida tashqi qarz 68,4 milliard dollarga yetdi va o‘shandayoq ham davlat, ham korporativ qarzning o‘sishi qayd etildi.
2025-yil iyul oyida Fitch reyting agentligi investitsiya muhiti yaxshilangani va fiskal intizom saqlanib qolayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston reytingini barqaror prognoz bilan BB darajasiga ko‘tardi.