Nega bu muhim
Suv tanqisligi va iqlim xavflarining ortishi fonida O‘zbekiston hukumati suv infratuzilmasini boshqarishga yondashuvni asta-sekin o‘zgartirib, uni nafaqat sug‘orish tizimi, balki iqtisodiy rivojlanish manbai sifatida ham ko‘rib chiqmoqda. Gap bir vaqtning o‘zida suvni tejash, sel xavfidan himoya qilish, yangi yerlarni foydalanishga kiritish va suv fondi obyektlari atrofida biznes yaratish haqida bormoqda. Bundan tashqari, davlat xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirishga e’tibor qaratmoqda.
Nima bo‘ldi
- Shavkat Mirziyoyev suv fondi yerlari va sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
- Muhokama chog‘ida suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qirg‘oqbo‘yi hududlaridan tejamkorlik bilan foydalanish, suv obyektlarini tozalashga biznesni jalb qilish, sel va toshqin suvlaridan oqilona foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
- Prezident xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, suv fondi yerlarini boshqarishning raqamli tizimini joriy etish, turizm, qishloq xo‘jaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun suv infratuzilmasidan faolroq foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Raqamlar va faktlar
- Mamlakatda umumiy uzunligi 150 ming kilometr bo‘lgan daryo va kanallar o‘zanlarini betonlash ishlari davom etmoqda.
- Rasmiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu har yili 1,3 milliard kub metr suvni tejash imkonini beradi, bu Navoiy viloyatining yillik suv iste’moli bilan taqqoslanadi.
- Bugungi kunga qadar 2 ming kilometr magistral kanallar betonlandi, 721 kilometr kanal, 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Buning uchun 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
- Natijada 858 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilandi, yana 51 ming gektari qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritildi.
- Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, suv fondi yerlarining qariyb 100 ming gektari turizm, tadbirkorlik va ko‘ngilochar obyektlarni joylashtirish uchun yaroqli.
- Hokimiyat hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu hududlardan foydalanish 100 ming kishini ish bilan ta’minlash va har yili 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad yaratish imkonini beradi.
- Shuningdek, qum va shag‘alning to‘planishi qirg‘oqlarning yuvilishi va suv bosishiga olib keladigan joylarda qazib olishga ruxsat berish rejalashtirilgan.
- Suv omborlari, kanallar va gidrotexnik inshootlarni tozalash ishlariga tadbirkorlarni tendersiz jalb etish mo‘ljallanmoqda. Suv omborlari va sel to‘plagichlardagi bo‘shaydigan yer uchastkalari auksion orqali ijaraga beriladi.
- Sel va toshqin suvlaridan foydalanish alohida muhokama qilindi. Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 60 ta yirik soydan yiliga qariyb 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda.
- Qayd etilishicha, ushbu resurslardan oqilona foydalanish natijasida 13 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilib, baliqchilikni rivojlantirish uchun sharoit yaratiladi.
Mohiyat
- Biznes uchun yangi chora-tadbirlar suv fondi hududlarida turizm va xizmat ko‘rsatishdan tortib qurilish materiallari qazib olish hamda qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritishgacha bo‘lgan qo‘shimcha imkoniyatlarni ochadi.
- Tadbirkorlarning alohida obyektlarni tozalash va ulardan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish hukumat xususiy sektorni infratuzilmani boshqarishga faolroq jalb qilish niyatida ekanini ko‘rsatadi.
- Hududlar uchun suv obyektlari atrofidagi loyihalar yangi ish o‘rinlari va qo‘shimcha iqtisodiy faollik manbai bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, rasmiylar so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli kuchayib borayotgan sel va suv toshqinlari zararini kamaytirishga harakat qilmoqda.
- Yer uchastkalarini raqamli boshqarish va monitoringini kengaytirish suv xo‘jaligi sohasida ijara hamda hisobga olish jarayonlarini yanada avtomatlashtirishni ham anglatadi.
