Nega bu muhim
Yuqori darajada qayta ishlangan sanoat eksportiga o‘tish eksport bazasini mustahkamlaydi, xomashyo bozorlariga qaramlikni kamaytiradi va barqaror o‘sish manbalarini yaratadi. Bu O‘zbekistonni jadal sanoatlashtirish garovidir.
Nima bo‘ldi
- YTB hisobotida O‘zbekistonning qayta ishlash sanoati eksportining o‘sish salohiyati 3,86 milliard dollarga (26 foiz) baholanmoqda.
- Mintaqada faqat Qirg‘iziston va Armaniston o‘xshash o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda.
- Taqqoslash uchun: Qozog‘iston — $7,75 mlrd (13 foiz), Belarus — $5,07 mlrd (16 foiz).
- O‘zbekiston ushbu segmentda butun mintaqa salohiyatining 5,46 foizini egallab, joriy eksportdagi ulushi 2,78 foizni tashkil etadi.
- Hisob-kitoblarga ko‘ra, sanoat o‘sishi, import o‘rnini bosish va eksportning umumiy samarasi yiliga 15 milliard dollardan oshishi mumkin.
- Salohiyat ishga solinganda sanoat ishlab chiqarishi 17 foizgacha o‘sishi mumkin.
- Asosiy drayverlar: mashinasozlik, kimyo sanoatini kengaytirish, qo‘shilgan qiymatga ega yangi tarmoqlar.
Mohiyat
O‘zbekiston allaqachon iqtisodiyotni sanoatlashtirish va diversifikatsiya qilishga e’tibor qaratmoqda. YTB hisoboti mamlakat eksportning murakkabroq turlariga o‘tish uchun real ustunliklarga ega ekanligini tasdiqlaydi.
Infratuzilma, logistika, biznes muhiti va texnologiyalar parallel ravishda rivojlanishi — salohiyat haqiqiy natijaga aylanishi muhim.