Nega bu muhim
Korzinka — O‘zbekistondagi eng yirik riteyler. Ehtimoliy IPO milliy brendning chakana savdodagi birinchi ommaviy joylashtirilishi va mamlakat xususiy sektorining yetukligi ramzi bo‘lishi mumkin.
Nima bo‘ldi
- Zafar Hoshimovning Bloomberg‘ga ma’lum qilishicha, u Korzinka`ning IPO`ga chiqishi haqida o‘ylamoqda, ammo muddatlar belgilanmagan.
- Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi xatarlarni boshqarish mumkin, mamlakatdagi o‘zgarishlarni esa qaytarib bo‘lmaydi.
- Shu hafta Shavkat Mirziyoyev Korzinka`ga xizmat ko‘rsatuvchi Anglesey Food tarqatish markaziga tashrif buyurdi.
- 49 ming kvadrat metr maydonga ega markaz Markaziy Osiyodagi eng yirik A toifadagi logistika markazi bo‘lib, 50 million dollarga qurilgan.
- Markaz 500 tagacha supermarketlarga xizmat ko‘rsatadi va 145 ta darvoza, 5 ta harorat zonasi, quyosh panellari va CO₂ sovitish tizimini o‘z ichiga oladi.
- Korzinka yaqin yillarda do‘konlar sonini 1000 taga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Nima deyildi
O‘zbekistondagi xatarlar to‘liq boshqariladi, o‘zgarishlar esa ortga qaytmaydigan ko‘rinadi, — Zafar Hoshimov, Korzinka asoschisi.
Korzinka matbuot xizmati Spot`ga bergan izohida turli rivojlanish variantlari ko‘rib chiqilayotgan bir paytda IPO`ni muhokama qilishga tayyor emasliklarini ta’kidladi.
Mohiyat
Korzinka — O‘zbekiston chakana savdosining yetakchi o‘yinchisi, kompaniya logistika, operatsion quvvatlar va qamrovni faol ravishda kengaytirmoqda. O‘zbekistonda kompaniyalarning IPO`ga chiqishiga qiziqish ortib bormoqda — shu jumladan davlat xususiylashtirish dasturi doirasida. Bloomberg va boshqa G‘arb nashrlari investorlarning O‘zbekiston xususiy sektoriga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Korzinka loyihasi IFC va DEG tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, bu esa uning investitsion shaffofligini oshiradi.